Kontent qismiga oʻtish

Konstitutsiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Konstitutsiya atamasi fransuz tili orqali fanga va jamiyatga kirib kelgan lotincha „constitutio“ soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, imperator qonunlari kabi qoidalar va buyruqlar uchun ishlatiladi. Konstitutsiya barcha davlatlar uchun qadimdan oliy qonun boʻlib xizmat qilgan[1].

Umumiy xususiyatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Umuman olganda, har bir zamonaviy yozma konstitutsiya tashkilot yoki institutsional birlashmaga konstitutsiya cheklovlariga rioya qilishning asosiy sharti asosida oʻrnatilgan muayyan vakolatlarni beradi. Skott Gordonning fikriga koʻra, siyosiy tashkilot „Fuqarolarning, shu jumladan ozchilikda boʻlishi mumkin boʻlgan manfaatlar va erkinliklarni himoya qilish uchun hokimiyat nazoratining institutsionallashtirilgan mexanizmlarini oʻz ichiga olgan“ darajada konstitutsiyaviy hisoblanadi.

  1. „(2008) Konstitutsiya“, Dictionary of Minor Planet Names, Berlin, Heidelberg: Springer Berlin Heidelberg, 163–163-bet, 2003, ISBN 978-3-540-00238-3, qaraldi: 2024-09-18



Yangi Konstitutsiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2023-yil 1-maydan kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, aytish mumkinki, 65 foizga yangilandi. Konstitutsiyaga 10 ta asosiy oʻzgartish kiritildi[1].

Bunga qadar 1992-yildan buyon konstitutsiyaga jami 15-marta oʻzgartish kiritilgan edi. Bu safar esa, oʻzgarishlar koʻlami kattaligi sababli, hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi.

Konstitutsiyaga kiritilgan eng muhim oʻnta oʻzgarishlar quyidagilardir:

1. Oʻzbekiston — huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Konstitutsiyaning 1-moddasidagi „Oʻzbekiston — suveren demokratik respublika“ jumlasi quyidagicha oʻzgartirildi:

· Oʻzbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.

Yangi Konstitutsiyaning 154-moddasi bilan, 1-moddadagi qoidalarni qayta koʻrib chiqish mumkin emas, deb belgilandi. Xuddi shuningdek,

154-moddaning oʻzidagi aynan shu qoidadan iborat band ham qayta koʻrib chiqilishi mumkin emas.

Mazkur konstitutsiyaviy normaning ahamiyati shundaki, Oʻzbekiston hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikka sodiqligi, monarxiyaga yoki islomiy respublikaga aylanmasligini nazarda tutadi.

2. Konstitutsiya toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladi. 15-moddaga quyidagicha qoʻshimcha qoʻshildi:

· Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan–toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.

Konstitutsiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi fuqarolarga nafaqat qonunlar, balki bevosita konstitutsiyadagi normalarga ham asoslangan holda ish olib borishga, xususan sudga murojaat qilishga imkon beradi.

3. Imtiyozlar qonunda yozib qoʻyilishi shart emas. Yangi Konstitutsiyaning 19-moddasi (avvalgi 18-modda) — fuqarolarning jinsi, millati, mavqeyi va hokazolardan qatʼi nazar, qonun oldida tengligini belgilab beradi. Bu moddaning ikkinchi qismiga quyidagicha oʻzgartirish kiritildi:

Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos boʻlishi shart.

Oʻzgartishdan avval u „Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qoʻyiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos boʻlishi shart“, koʻrinishida edi.

Aytish mumkinki, shu paytgacha turli jabhalardagi imtiyoz va preferensiyalar nafaqat qonunlar asosida, balki koʻp holatlarda qonunosti hujjatlari — qaror va farmonlar asosida ham belgilanib kelinayotgan edi. Endi bunga yoʻl qoʻyilmaydi.

4. Barcha noaniqliklar — inson foydasiga. Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan:

Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Endilikda, agar qonunchilikda aniq belgilab qoʻyilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi.

Shuningdek, hujjatlarni yuritishda davlat organlari tomonidan xato-kamchilik oʻtgan taqdirda, masalan pensiya tayinlashda tegishli hujjatlar bazadan topilmay, noaniqlik yuzaga kelganida ham vaziyat fuqaro foydasiga hal etilishi kerak.

5. Inson huquqlari ijtimoiy axloq va jamoat tartibini saqlash maqsadida cheklanishi mumkin. Huquq va erkinliklarning cheklanishi tartibga solingan ilgarigi ikkita normadan tashqari, endi uchinchi norma ham qoʻshildi:

Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur boʻlgan doirada cheklanishi mumkin.

Huquqlar cheklanishiga doir meʼyorlar, yangi Konstitutsiyaning boshqa bir moddasiga asosan, soʻz erkinligi huquqiga ham tegishli. Yaʼni axborot izlash, olish va tarqatish huquqi faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholi sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi va tartibini taʼminlash, davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirning oshkor etilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida cheklanishi mumkin.

6. Oʻqituvchilar haqida alohida modda kiritildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 52-moddasi ikki banddan iborat:

· Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.

· Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.

Aytish lozimki, oʻqituvchilar huquq sohasidan boshqa, oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi.

7. Yerning xususiy mulk boʻlishi. Oʻzbekistonda 2022 yildan eʼtiboran qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish boshlangan edi, oʻtgan yili eʼlon qilingan yangi Konstitutsiya loyihasining birlamchi versiyasida esa, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni xususiylashtirish mumkin emasligiga ishora qilingan edi. Qabul qilingan Konstitutsiyadan bunday cheklov olib tashlandi va yerni xususiylashtirishga oid norma quyidagicha oʻzgartirildi:

Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk boʻlishi mumkin.

8. OAV faoliyatiga toʻsqinlik qilish javobgarlikka sabab boʻladi. Yangi Konstitutsiyadagi bu bob ikkita moddadan iborat:

Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalari oʻzi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.

Senzuraga yoʻl qoʻyilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

OAV faoliyatiga toʻsqinlik uchun javobgarlik konstitutsiya darajasida belgilandi.

9. Davlat boshqaruvida bir qancha oʻzgartirishlar qilindi:

Birinchidan, Prezidentning vakolat muddati 7-yil boʻldi.
Ikkinchidan, Oʻzbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasiga koʻra, Bosh vazir nomzodini endi prezident taqdim etadi, senatorlar soni esa 100 nafardan 65 nafarga tushirildi. 14 ta hududdan 6 nafardan emas, 4 nafardan senator saylanishi, prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni 16 nafardan 9 nafarga qisqarishi belgilab qoʻyildi.
Uchinchidan, Bosh vazirni tayinlash va unga ishonchsizlik votumi bildirishda Senatning ishtiroki bekor qilindi. Endilikda buning uchun deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismi ovoz berishi yetarli hisoblanadi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi hukumat aʼzolarini isteʼfoga chiqarish toʻgʻrisida prezidentga taklif kiritish vakolatiga ega boʻldi.
Toʻrtinchidan, korrupsiyaga va monopoliyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini prezident taqdimiga binoan saylash Senatning vakolatiga kiritildi. Senat, shuningdek, prezident taqdimiga binoan eng yuqori rangdagi sud mansabdorlarini saylaydi, bosh prokuror va Hisob palatasi raisligiga nomzodlarni koʻrib chiqib maʼqullaydi, DXX raisligiga nomzod boʻyicha prezident bilan maslahatlashuv oʻtkazadi, Markaziy bank raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, xorijdagi asosiy diplomatlarni tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, mahalliy kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish vakolatiga ega boʻldi.
Beshinchidan, Qonunchilik palatasi qonunlar boʻyicha qoʻshimcha vakolat oldi, endilikda Senat qonunni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida 60 kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi qonunni prezidentga yuboradi. Qonunlarning prezident tomonidan imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun belgilangan muddat 30 kundan 60 kunga uzaytirildi. Prezident tomonidan qaytarilgan qonun parlament palatalari tomonidan yana qabul qilingan taqdirda, prezidentning bu qonunni imzolash va eʼlon qilish muddati oʻzgarishsiz (14 kun) qoldirildi.
Oltinchidan, Prezident muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlashga haqli ekani belgilandi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatga, palata aʼzolarining kamida uchdan ikki qismining ovozi bilan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish vakolati berildi. Jiddiy voqealar roʻy berganida, ikki palata qoʻshma qaror qabul qilgan holda parlament tekshiruvi oʻtkazishi mumkinligi belgilab qoʻyildi.
Yettinchidan, Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz oʻn yillik muddatga saylanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi oʻz tarkibidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning oʻrinbosarini besh yillik muddatga saylaydi.

Bir shaxsning surunkasiga ikki martadan ortiq bitta lavozimni egallashi mumkin emasligi haqidagi qoida, prezidentdan tashqari, Senat raisi, Qonunchilik palatasi spikeri, Oliy sud raisi va oʻrinbosari, Sudyalar oliy kengashining raisi va oʻrinbosari, Markaziy saylov komissiyasi raisi, bosh prokuror, hokimlar va kengashlar raislariga nisbatan ham tatbiq etiladigan boʻldi.

10. Mahalliy davlat hokimiyatidagi oʻzgarishlar. Hokimlar kengash raisligidan ketadi.

Shuningdek, Konstitutsiyaga quyidagi boshqa koʻplab normalar ham qoʻshildi:

· Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlanadi.

· Agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.

· Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chogʻida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

· Har kim oʻz shaxsiga doir notoʻgʻri maʼlumotlarning tuzatilishini, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmay qolgan maʼlumotlarning yoʻq qilinishini talab qilish huquqiga ega.

· Davlat internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Koʻrinib turibdiki, Konstitutsiyaning Birinchi boʻlimi 1-bobi Davlat suvereniteti, 2-bobi Xalq hokimiyatchiligi, 3-bobi Konstitutsiya va qonunning ustunligi va 4-bobi Tashqi siyosat prinsipiga bagʻishlangan.

Xususan, „Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari“ deb nomlangan ikkinchi boʻlimi keng boyitildi. Bu bilan mamlakatimiz Prezidenti SH.Mirziyoev olib borayotgan davlat boshqaruvidagi „Insonni rozi qilish“ siyosati Konstitutsiya darajasiga olib chiqildi.
Yangilangan Konstitutsiyada BMTning Inson huquqlari boʻyicha umumjahon deklaratsiyasidagi jami 30-moddaning butun mazmun-mohiyati oʻz aksini topdi.

Darhaqiqat, Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari oʻzining mazmun-mohiyatiga koʻra davlat tuzilishi va uning mavjudligini muhim shartidir.

Davlat tuzilishida ushbu prinsiplarning barchasi boʻlishi shart. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining hayotga tatbiq etish, yaʼni, „Inson qadri uchun“ degan davlat siyosatini ustuvor tamoyilga aylantirishdir.
  1. „https://qashqadaryo-mamuriy.sud.uz/%D1%8F%D0%BD%D0%B3%D0%B8-%D0%BA%D0%BE%D0%BD%D1%81%D1%82%D0%B8%D1%82%D1%83%D1%86%D0%B8%D1%8F%D0%B2%D0%B8%D0%B9-%D1%9E%D0%B7%D0%B3%D0%B0%D1%80%D0%B8%D1%88%D0%BB%D0%B0%D1%80%D0%BD%D0%B8%D0%BD%D0%B3/“.