Kontent qismiga oʻtish

Parazitologiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Image

Parazitalogiya (parazid va logos) — parazidlarning organizmlarda turlicha tarqalishi sistematikasi, morfologiyasi, biologiyasi va ekologiyasi, parazit va xoʻjayin oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar, odam, hayvon va oʻsimliklarda parazitlar qoʻzgʻatadigan kasalliklarni va ularga karshi kurash usullarini oʻrganadigan biologiya fanlari kompleksi hisoblanadi. Shuningdek, parazitning tuzilishi, hayot kechirishi, yashashga moslashishi, rivojlanishi va geografik tarqalishini oʻrganadi.

Parazitologiya muammolari biologiyaning umumiy muammolari bilan uygʻunlashib ketgan. Jumladan, parazitlarning morfologik va fiziologik moslashish muammolarini oʻrganish turning nozologik jihatdan tushunish uchun asos boʻlib hisoblanadi. Amaliy jiqatdan parazitologiya parazitar kasalliklarga qarshi kurashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish orqali odam va hayvonlarning salomatligini saqlashga hamda oʻsimliklarni himoya qilishga qaratilgan.

Hayvonot dunyosiga mansub parazitlar zooparazitlar, ular paydo qiladigan kasalliklar invazion kasalliklar deyiladi. Oʻsimliklarga mansub parazitlar fitoparazitlar, ular keltirib chiqaradigan kasalliklar infeksion kasalliklar deyiladi. Binobarin, kasalliklarni infeksion va invazion deb tasniflash, kasallik qoʻzgʻatuvchisining hayvonot yoki oʻsimlik dunyosiga mansubligiga asoslangan. Hayvonot va oʻsimlik dunyosiga mansub parazitlarni mikrobiologiya, mikologiya, fitopatologiya kabi fanlar oʻrganadi. Oʻsimliklar tarkibidan alohida guruh oʻsimliklardagi virusli kasalliklarga ajratilgan. Xalq xoʻjaligidagi ahamiyatiga koʻra, parazitologiya umumiy parazitologiya, tibbiyot parazitologiyasi, agronomiya parazitologiyasi, veterinariya parazitologiyasiga ajratiladi. Umumiy parazitologiya shu fanning nazariy asoslari boʻlib, tirik organizmlarning oʻzaro munosabatlarini, parazit organizmlar sis-tematikasi, parazitar kasalliklar patogenezi, davosi va oldini olish tadbirlarini oʻrganadi. Odamlarda kasallik paydo qiluvchi parazitlarni tibbiyot parazitologiyasi, madaniy oʻsimliklarda parazitlik qiluvchi gelmintlar va boʻgʻimoyoqlilarni agronomiya parazitologiyasi oʻrganadi va ularga karshi kurash choralarini ishlab chiqadi. Parazitologiya hayvonlari parazitlari va ular keltirib chikaradigan kasalliklarni oʻrganadigan hamda qarshi kurash usullarini ishlab chikadigan fan veterinariya parazitologiyasi deb ataladi. Veterinariya parazitologiyasi, oʻz navbatida, parazit bir hujayralilarni oʻrganadigan protozoologiya, parazit chuvalchanglarni oʻrganadigan gelmintologiya, oʻrgimchaksimonlar va hasharotlarni oʻrganadigan araxnoentomologiya fanlariga ajratiladi.

Parazitologiya zoologiya bilan chambarchas bogʻliq. Parazitlar morfologiyasi va sistematikasini bilish invazion kasalliklarga diagnoz qoʻyish uchun zarur. Ularning biologiyasi va ekologiyasini oʻrganish esa uygʻunlashgan kurash choralarini ishlab chiqishning asosi hisoblanadi. Parazitologiya epizootologiya va epidemiologiya, fiziologiya, biokimyo, farmakologiya, toksikologiya, immunologiya, patologik anatomiya va boshqa biologiya, tibbiyot, veterinariya, qishloq xoʻjaligi fanlari bilan ham bogʻlangan. Zamonaviy parazitologiya biokimyo, immunologiya, elektron mikroskopiya, molekulyar biologiya va boshqa fanlarning tekshirish metodlaridan foydalanadi.

Parazit organizmlar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino asarlarida uchraydi. Olim Tib qonunlari kitobida askarida, ostritsa va rishta kabi parazit chuvalchanglar paydo qiladigan kasalliklar va ularni davolash toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar beradi.

Parazitologiya 19-asrga kelib mustaqil fan sifatida shakllana boshladi. Bu mikroskopning takomillashuvi, koʻplab mikroskopik parazitlarning kashf etilishi va parazitlarning hayot sikllari oʻrganilishi bilan bogʻliq. Oʻrta Osiyoda parazitologiyaga oid maʼlumotlar 19-asrning ikkinchi yarmida Turkiston oʻlkasi boʻylab sayohat qilgan rus naturalist olimi A. P. Fedchenko asarlarida uchraydi. U Buxoro, Samarqand va Toshkentda boʻlib, har xil hayvonlarning parazit chuvalchanglarini yigʻadi. Yi-gʻilgan materiallarni Daniya va Germaniya mutaxassislari yordamida ishlash natijasida, ularning 24 turga mansub ekanligi aniqlanadi. 20-asr boshlarida Oʻzbekistonda parazitologiya sohasida tadqiqotlarning rivojlanishi rus olimlari K. I. Skryabin, Ye. N. Pavlovskiy, V. A. Dogel, N. V. Badanin, L. M. Isayev va boshqalarning nomi bilan bogʻliq.

Oʻzbekistonda parazitologiya fani, yuqorida taʼkidlaganimizdek, 4 yoʻnalish boʻyicha shakllanib, nazariy va amaliy muammolarni xal etib kelmoqda: 1) umumiy parazitologiya 2) tibbiyot P.si; 3) veterinariya P.si; 4) agronomiya Parazitologiya Umumiy P. boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar M. A. Sultonov, E. I. Gan, S. O. Osmanov, M. K. Qodirova, Q. S. Samadov, J. A. Azimov, T. K. Qobilov, S. Dadayeva, O. Davronov va boshqalarning ishlari bilan bogliq. Tibbiyot P.si soxasidagi tadqiqotlarning rivojlanishiga L. M. Isayev, B. M. Sodiqov, P. M. Lerner, V. R. Le-melev, N. A. Dehqonxoʻjayeva va boshqa hissa qoʻshgan. Veterinariya P.si sohasida N. V. Badanin, E. X. Ergashev, N. M. Matchanov, Sh. A. Azimov, R. X. Xaitov, B. S. Salimov, A. O. Oripov, A. Roʻzimuro-dov, M. Aminjonov, G. S. Poʻlatov va boshqa tadqiqot olib borishgan. Agronomiya P.si sohasidagi tadqiqotlarni 20-asrning 30-yillarida Ye. S. Kiryanova boshlab bergan. Keyinchalik fitogel-mintologiya deb atala boshlagan bu fanning rivojlanishida A. T. Tulaganov va shogirdlarining xizmatlari katta boʻldi. O. Mavlonov, 3. Norbo-yev, Sh. Xurramov, O. Usmonova, A. I. Zemlyanskaya, E. P. Azizova va boshqa fitogelmintologlar olib borgan tadqiqotlar tufayli eng muhim qishloq xoʻjaligi ekinlari fitonematodalarining taksonomik tarkibi, biologiyasi, tarqalishi oʻrganildi va ularga qarshi kurash choralari ishlab chiqildi. P. sohasidagi tadqi-qotlar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya ilmiy tadqiqot institutida, Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʻiston filiali boʻlimlarida, Oʻzbekiston Veterinariya ilmiy tadqiqot institutida, universitetlar, qishloq xoʻjaligi va tibbiyot institutlari qoshidagi kafedralarda olib boriladi.